Kitob tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida «O‘zbekiston Respublikasi Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilinganining 34 yilligi hamda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbir ana shunday nomlandi.

   Ushbu tadbir maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Z.Djavliyeva hamda Shahrisabz davlat pedagogika instituti musiqa yo‘nalishi talabalari bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Tadbirga faxriy ustoz «Shuhrat» medali sohibasi, maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi M.Muqumova ham taklif etildi.

Dastlab tadbirda so‘z olgan maktabning MMIBDO‘ A.Umarov o‘quvchilarni o‘zbek tili bayrami bilan tabriklab, yoshlarni o‘z ona tilini sevishga, unga hurmat va e’tiborda bo‘lishga chorladi. Shuningdek, ona tili ko’hna tariximiz, hayotbaxsh qadriyatlarimiz, din-u diyonatimiz, xalqimizga xos dunyoqarash, ajdodlar merosini avlodlarga yetkazadigan ko’zgu ekanligini e’tirof etib o‘tdi.

Tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan o‘qilgan ajdodlarimizning hikmatli so‘zlari, ona tilimizni madh etuvchi she’rlar, ijro etilgan dilrabo qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Maktab -ilm o’chog’idir!

ONA QIZIM — BAXT YULDUZIM

May 02, 2022

Kitob tumanidagi 3-IDUMda tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir «Ona qizim» deya nomlandi. Ushbu tadbir maktabning texnologiya fani o‘qituvchilari Gulrux Rahmonova, Zufar Egamov hamda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulrux Jabborovalar tomonidan 4-«A» sinfida aprel oyining amaliy fanlar oyligi doirasida o‘tkazildi. Tadbirga ishtirokchi sifatida o‘quvchilarning onalari ham taklif etildi.

Tadbir o‘quvchilar ijrosidagi onalarni madh etuvchi go‘zal tarona bilan boshlandi.

Jajji qizaloqlar esa 4 ta shart asosida o‘z chiqishlarini namoyon etdilar. Ushbu shartlarda onalar ham faol ishtirok etishdi. Bu shartlar bellashuv o‘tkazish uchun e’lon qilinmadi. Maqsad onalar va qizaloqlar o‘rtasida mehr rishtalarini yanada mustahkamlash edi. Qizaloqlar dastlab «Men onamni yaxshi bilamanmi?» shartida onalari tomonidan erkalatilganda va tanbeh berilganda ishlatilgan so‘zlarini, yaxshi ko‘rgan taomining nomini eshitish orqali o‘z volidalarini topishlari kerak edi. Ushbu shartda onalar ham faol ishtirok etishdi. O‘quvchi qizlar va ularning onajonlari birgalikda 2-shartni ham a’lo darajada bajarishdi. Unda onalar qizlarining sochlarini o‘rishlari kerak edi. Bu ham munis onalarning farzandiga bo‘lgan mehrini yanada oshiradi.

Galdagi shart jajji qizlarning o‘zlari tomonidan bajarilib, bunda o‘quvchilar texnologiya fani o‘qituvchisi Gulrux Rahmonovadan dars mashg‘ulotlarida o‘rgangan gul yasash usullaridan foydalanib, mahoratlarini ishga solgan holda qog‘ozdan bir-biridan chiroyli gullar yasashdi.

4-shartda qizaloqlar dilrabo raqs ijro etib yig‘ilganlarga bir olam ko‘tarinki kayfiyat ulashishdi.

Tadbirning yakuniy qismida maktabning 7-«A» sinf o‘quvchisi Gulsanam Rasulova tomonidan qo‘l mehnati asosida tayyorlangan ijodiy ishlar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Maktabning jonkuyar va fidoyi ustozlari tomonidan o‘tkazilgan bu tadbir jajji qizaloqlarning onajonlariga bo‘lgan mehr-u muhabbatlarini yanada oshirishda, bo‘lajak ona sifatida hayotga tayyorlashda, o‘zbek ayollariga xos bo‘lgan oqilalik, fozilalik, mehnatsevarlik, ibo va hayoda tengsiz bo‘lish kabi xislatlarni mujassam etishda katta yordam beradi desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Kitob tumanidagi 3-IDUMning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Saodat Mansurova

Ajdodlar merosini mahallalarda o‘rganamiz

February 27, 2022

Fevral — buyuk so‘z sultoni, davlat arbobi, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy hamda mohir sarkarda, shoh va shoir Z.M.Bobur ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish oyligi hisoblanadi. Joriy yilning fevral oyida ham bu ikki ulug‘ siymoning boy ma’naviy merosini o‘rganish, ular ijodini targ‘ib qilish maqsadida mamlakatimizda turli xil ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Kitob tumanidagi 3-IDUMda ham ana shunday tadbirlardan biri o‘tkazildi.

Maktabda bo‘lib o‘tgan «Ajdodlar merosini mahallalarda o‘rganamiz» nomli adabiy-badiiy kechaga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kitob tuman bo‘limi rahbari Gulandom Sattorova, Toshkent MFY raisi Matluba Xo‘jayeva, Ali Qushchi MFY xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mavjuda Bizorova, mahallalarning faol xotin-qizlari hamda uyushmagan yoshlari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar Navoiy va Bobur ijodiy merosini nafaqat ta’lim muassasalarida,balki mahalla aholisi orasida ham o‘rganish kerakligini, ayniqsa, mahalla yoshlarini ajdodlar merosi bilan yaqindan tanishtirish ularning vatanparvar va chin insoniy fazilatlar egasi bo‘lib ulg‘ayishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tishdi. Bundan buyon mahallalar bilan ta’lim maskani hamkorligida ko‘plab tadbirlar tashkil etilishi e’tirof etildi.

Maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Saodat Mansurova tomonidan tashkil etilgan ushbu kechada ta’lim muassasasining ijodkor va iqtidorli yoshlaridan tuzilgan «Navnihol» to‘garagi a’zolari ishtirok etib, o‘z chiqishlari orqali Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li va ijodiy merosiga bir zum bo‘lsa-da nazar tashladilar. Tadbirda ikki ulug‘ siymoning ushalmagan orzusi, ya’ni bir-biri bilan uchrashish istagi ramziy ma’noda bo‘lsa-da amalga oshirildi. Sahnada o‘quvchilar Navoiy va Bobur siymolarini aks ettrib, yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otishdi.

A. Navoiy va Z. M. Bobur siymolari
Bobur siymosi

Maktabning iqtidorli va iste’dodli o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, jozibador raqslar, ijodkorlar hayot yo‘lini aks ettirgan sahna ko‘rinishlari, ulug‘ zotlar qalamiga mansub ruboiy va tuyqlarning ifodali o‘qilishi yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tanbur navosi
«Guli» obrazi
«Navoiy» obrazi
«Yulduzli tunlar» asaridan parcha
Mumtoz raqs ijrosi
Mumtoz raqs ijrosi

Ayniqsa, 5-«B» sinf o‘quvchisi Muhammadiyeva Dilbar tomonidan ijro etilgan mumtoz qo‘shiq barchaga manzur bo‘lib, tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Jonli ijro

Tadbir so‘nggida ulug‘ bobolarimiz Alisher Navoiy hamda Z.M.Bobur ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish oyligi davomida o‘tkazilgan onlayn g‘azallar va ruboiylar tanlovida hamda «Ajdodlar merosini mahallalarda o‘rganamiz» nomli adabiy-badiiy kechada faol ishtirok etgan o‘quvchilar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kitob tuman bo‘limi tomonidan kitoblar va maktab ma’muriyatining faxriy yorliqlari bilan taqdirlanishdi.

Taqdirlash jarayoni
Taqdirlash jarayoni
Taqdirlash jarayoni
Taqdirlash jarayoni

Kitob tumanidagi 3-IDUMda tashkil etilgan bu kabi tadbirlar maktab hududidagi Toshkent hamda Ali Qushchi MFY mahalla aholisi bilan hamkorlikda muntazam davom etadi va maktab o‘quvchilari hamda mahalladagi uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi Saodat Mansurova

Assalomu aleykum hurmatli foydalanuvchilar!Siz ushbu saytimiz orqali maktabimiz faoliyati bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.

WordPress Themes